Chop etdi: OTM axborot xizmati | Ko'rildi: 42 marta
Tegishli bo'limi: Talabalar uchun
Chirchiq davlat pedagogika universitetida taniqli pedagog-psixolog, IMPAKT – o‘rganishga va o‘rgatishga qiziqtirish markazi rahbari Shahnoza Samesova bilan universitet qizlari o‘rtasida “Xotin-qizlarga e’tibor – farovon oila tayanchi” mavzusida psixologik seminar o‘tkazildi.
Qizlarni hayotga, oilaga, ijtimoiy muhitga tayyorlash va tarbiyalash, ularning munosib o‘rinlarga ega bo‘lish masalalari muloqotning maqsadini belgilab berdi.
Milliylikni saqlagan holda zamonga hamnafas boqish uchun ichki ishonchlarini oshirish, hayotga bo‘lgan ishtiyoqlarini ko‘tarish, ta’lim olish samaradorligini oshirish va ruhiy tushkunliklarni oldini olishga qaratilgan psixologik tavsiya va maslahatlar berildi.
Muloqot davomida ayollar va erkaklar psixologiyasining farqlari, shaxslararo munosabat qurishdagi muammolarga yechimlar, orzu maqsadlarini aniq ko‘ra olish va erishish yo‘llari yuzasidan fikrlar almashildi.
– Ayrim talaba- qizlar o‘zining to‘liq namoyon etolmayotgan, o‘zining imkoniyatlarini ko‘rsatolmayotgan bo‘ladi. Demak, u shaxsiy «men»ini topa olmayapti. Tushkun odamlarda maqsadlar yo‘q, hayotga befarq. Doimo tashqaridan e’tibor kutadigan odamlar borki, ular har bir qilgan ishi uchun rag‘batlantirilib turishni xohlaydi, - deydi taniqli pedagog-psixolog Shahnoza Samesova.
Kelgusidagi faoliyatida ijobiy samara beruvchi kreativ muloqot va samimiy munozaralar uchun talaba-qizlar o‘z minnatdorchiligini bildirdilar.
Psixologik seminarda Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahat kengashi raisi, rektor maslahatchisi Gulnora Norqo‘ziyeva ishtirok etdi.