Chop etdi: OTM axborot xizmati | Ko'rildi: 324 marta
Tegishli bo'limi: Yangiliklar
SOHADA UZLUKSIZLIK VA SAMARADORLIK OMILI
Pedagogika ijtimoiy ong shakllaridan biri sifatida doimiy ravishda jamiyat talablariga mos holda rivojlanadi va takomillashishda davom etadi. Shunday ekan, pedagogika fani oldida har doim yechimini kutayotgan dolzarb muammolar, tadqiq qilinishi zarur bo‘lgan masalalar paydo bo‘laveradi. Mazkur muammolarni ko‘ra bilish, ularni jamoatchilikka taqdim etish, ilmiy asosda tadqiq qilish va yechimi bo‘yicha nazariy asosga ega bo‘lgan taklif va tavsiyalarni ishlab chiqish pedagogika fanining zamonaviy talablarga muvofiq rivojlanishini ta’minlaydi.
TAJRIBA VA TASHABBUS
Xo‘sh, bugungi kunda pedagogikamiz oldidagi konseptual va strategik ahamiyatga ega bo‘lgan dolzarb muammolar nimalardan iborat? Quyida ularning ayrimlariga e’tiboringizni qaratmoqchimiz.
Keyingi yillarda jamiyatimizda yuz berayotgan tub o‘zgarishlar, islohotlar, shubhasiz, jahon hamjamiyatida kuzatilayotgan globallashuv jarayonlari bilan bog‘liq ravishda kechayotir. Globallashuv, ta’bir joiz bo‘lsa, bugungi kunda mamlakatlarni rivojlantirishning mohiyati va mazmuniga, strategiyasi hamda tamoyillariga, yondashuv va uslublariga birday ta’sirini o‘tkazayotgan jarayon sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Jamiyat taraqqiyotining kompleks xarakterda sodir bo‘lishi globallashuv jarayonining ijobiy jihatlari bilan birga, uning salbiy oqibatlarini ham yuzaga chiqarmoqdaki, bu insoniyat oldiga kutilmagan yangi muammolarni qo‘ymoqda. Globallashuvning mohiyatini va xususiyatlarini ilmiy asosda o‘rganish unga moslashish, yo‘nalishlarini kerakli tarzda o‘zgartirish imkoniyatini yaratadi. Bundan ko‘rinib turibdiki, mazkur jarayondan ijodiy foydalanishning usul va vositalarini, mexanizmlarini ilmiy asosda ishlab chiqish bugungi kun ilm-fanining dolzarb masalalaridan hisoblanadi. Albatta, bunday sharoitda ta’lim tizimida globallashuv jarayonlariga moslashuvchan, u bilan hisoblashadigan islohotlar muhim rol o‘ynaydi.
Milliy pedagogikamiz yaqin yillargacha o‘quvchilarga insoniyat tomonidan shu paytga qadar egallangan mavjud bilimlarni o‘rgatishni eng maqbul yo‘l sifatida qarab keldi. Pedagogikaga bu kabi mexanik yondashuv o‘quvchilarda fan bo‘yicha masala va hodisalar mohiyatini anglashga nisbatan ijodiy yondashuvni nazarda tutmaydi, faqat mavjud bilimlarni yodlash, ularni amaliyotga joriy etish bilan kifoyalanadi. Bilim olish jarayoni ikki bosqichdan iboratligini, birinchi bosqich — bilimlarni egallash, ikkinchi bosqich undan xulosalar chiqarish ekanini hisobga olsak, bu usul tugallanmagan metodika sifatida o‘zini oqlamasligi oydinlashadi.
Pedagogikaga nisbatan mexanik yondashuv ta’lim tizimida avtoritar pedagogikaga yo‘l ochadi. Buning eng mudhish oqibati o‘quvchilarda nostandart, ijodiy va kreativ fikrlashga bo‘lgan rag‘batni yo‘qotadi. Ilm-fan rivoji uchun esa aynan nostandart, ijodiy va kreativ fikrlaydigan avlodni shakllantirish muhimligi isbot talab qilmaydigan haqiqat.
Milliy ta’lim tizimimizning mustaqillik yillaridagi rivojlanishiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ko‘plab ijobiy ishlar amalga oshirilganining guvohi bo‘lamiz. Ayni paytda, aytish joizki, kadrlar tayyorlash sohasida ta’lim turlari o‘rtasidagi aloqa va uzviylikning ta’minlanishi, mazmuni va shaklini modernizatsiya qilish bilan bog‘liq ayrim kamchiliklar ham kuzatilmoqdaki, bu pirovardida maqsadni belgilashdagi tarqoqlik va sifatning pasayishiga sabab bo‘lmoqda.
Ta’limda uzviylik va uzluksizlikni ta’minlash ta’lim turlari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish, integratsiyalashuv jarayonlarini takomillashtirishga nisbatan yangicha mexanizmlarni joriy etishni taqozo qilmoqda. Hamkorlikning yangi mexanizmlarini ishlab chiqish har qachongidan ham dolzarb masalaga aylanmoqda. Bizningcha, ayni shu jihat pedagogik oliy ta’lim muassasalarining strategik ilmiy tadqiqot yo‘nalishi sifatida belgilanishi lozim.
Bugungi kunda Chirchiq davlat pedagogika universitetida uzluksiz ta’lim tizimida ta’lim turlari o‘rtasida o‘zaro yaxlitlikni ta’minlash, manfaatli hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirishga yo‘naltirilgan “Pedagogik ta’lim innovatsion klasteri: uzluksiz ta’limni rivojlantirish konsepsiyasi” ishlab chiqildi. Mazkur konsepsiyada pedagogik ta’lim innovatsion klasterining dolzarbligi va zarurati, ilmiy-nazariy asoslari, uni tashkil etish tamoyillari, tuzilishi va faoliyat mexanizmlari, klaster modeli asosida fan, ta’lim va ishlab chiqarishni integratsiyalash usul va yo‘llari, o‘quv muassasalari hamkorligini yo‘lga qo‘yish asoslari, ta’lim tizimi hamda sifatini boshqarishda klaster modelining o‘rni va ahamiyati konseptual pedagogik muammo sifatida yoritilgan.
Individual ta’lim ijtimoiy yo‘naltirilgan ta’limning tarkibiy qismi bo‘lib, shaxsga yo‘naltirilgan texnologik omillarga muvofiq tashkil etiladigan, maqsad va mazmun uyg‘unligini ta’minlaydigan pedagogik yondashuv kombinatsiyasi muvofiqligini yuzaga chiqaradi. Individual yondashuv ta’lim oluvchini har jihatdan o‘rganish va unga pedagogik ta’sir ko‘rsatishni ta’minlaydigan omildir. U ta’lim oluvchiga o‘zini anglash, individual yo‘nalganligini aniqlashtirish, yetakchi o‘quv faoliyatini motivlashtirish, o‘z imkoniyatlarini baholash, ta’limga bo‘lgan ehtiyojlarni qondirishga xizmat qiladi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda, yangilangan “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunda alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolalar inklyuziv ta’lim va tarbiya bilan ta’minlanishi ko‘rsatilgan.
Inklyuziv ta’lim uzluksiz ta’lim tizimidagi nisbatan yangi hodisa va uning nazariy asoslari, amaliy mexanizmlarini ishlab chiqish ilmiy jamoatchilik oldiga yangi tadqiqot muammolarini qo‘yadi. Universitetimizda uzluksiz inklyuziv ta’lim klasterining pedagogik-psixologik asoslari bo‘yicha o‘ndan ortiq ilmiy tadqiqot ishlari amalga oshirilmoqda va ulardan beshtasi muvaffaqiyatli himoya qilindi.
Bugun jahonda an’anaviy ta’lim onlayn formatlar bilan to‘ldiriladigan aralash (gibrid) ta’lim shakliga o‘tmoqda. 2020-yilda kuzatilgan pandemiya sharoiti aralash ta’lim shakllarining hayotiy zarurat ekanini ko‘rsatdi. Axborot texnologiyalari rivojlangan hozirgi sharoitda o‘quvchining o‘qituvchi nazorati ostida majburiy bo‘lishi ma’nan eskirmoqda. O‘quvchi endilikda zaruriy bilim, malaka va ko‘nikmalarni onlayn sharoitda ham o‘zlashtirishi mumkin. Yangi sharoitda o‘quvchi an’anaviy, onlayn va masofaviy shakllarda bilim olishi natijasida ta’lim jarayonining vaqti va joyini nazorat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ayonki, yangi O‘zbekiston jamiyatini barpo etish maqsadida barcha soha qatori ta’lim tizimida ham tub islohotlar olib borilmoqda. Dunyo hamjamiyatidan munosib o‘rin olish endi ilm-fanni rivojlantirish va texnologiyalar ishlab chiqarish, intellektni oshirish bilangina ta’minlanadi. Alohida qobiliyati bor o‘quvchilarning iqtidoriga mos ta’lim shakli va mazmunini o‘zida aks ettirgan Prezident maktablari, ijod maktablarining ochilishi, ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘ining kengaytirilishini, shubhasiz, ta’lim tizimidagi yutuqlar sifatida ko‘rsatish mumkin.
Davlatimiz rahbari 2023-yil 28-avgustda maktablarda ta’lim sifatini oshirish, o‘quvchi o‘rnini ko‘paytirish va o‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilishda Prezident maktablari dasturi asosida me’yoriy hujjatlarni yangilash, pedagogika oliy ta’lim muassasalari uchun namunaviy fan dasturlarini ishlab chiqish, pedagogik ta’limga samarali yangi yondashuv va texnologiyalarni joriy etish vazifalarini qo‘ydi. Ayni paytda Toshkent va Chirchiqdagi pedagogika universitetlarida mutaxassislar Prezident maktabi dasturi asosida tayyorlanishi va bu muassasalar pedagogika yo‘nalishidagi institutlar uchun “tayanch oliygoh” sifatida belgilandi. Bu borada pedagogik oliy ta’lim muassasalari quyidagi masalalarning yechimiga e’tibor qaratishlari lozim:
— maktab ta’limiga Prezident maktabi va ixtisoslashtirilgan maktablar o‘quv dasturi hamda baholash tizimini joriy etish;
— yangi tizimni samarali qo‘llagan o‘qituvchilarni qo‘shimcha moddiy rag‘batlantirish;
— o‘quvchilarga fanlarni tanlash imkoniyatini berish hisobiga yuqori sinflarda o‘qitiladigan fanlar sonini kamaytirish;
— maktab ta’limi mazmunini zamon talabiga moslashtirish, xususan, kompyuter va moliyaviy savodxonlik darslarini joriy etish;
— maktab ta’limida boshqaruv tizimini yangilash;
— o‘qituvchilarni ishga qabul qilish, ularning malakasini oshirish va toifa berish tizimini takomillashtirish.
Universitetimizda ta’lim jarayoniga innovatsion yondashuvlarni joriy etish, talabalarda kasbiy kompetensiyalarni shakllantirish orqali ularning kelajakda zamon talablariga javob beradigan pedagog kadrlar bo‘lishini ta’minlash maqsadida “Kelajak o‘qituvchisi konsepsiyasi” ishlab chiqildi. Unda kelajak o‘qituvchilarini tayyorlash masalasiga pedagog kadrlar tayyorlashga oid yaxlit ta’lim-tarbiya tizimining uzviy va ajralmas qismi sifatida qaralib, mamlakatimiz hayotidagi real ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar bilan uyg‘un ravishda takomillashtirish masalasiga alohida e’tibor berilgan.
Zamonaviy talablarga javob beradigan, hayotiy va kasbiy kompetensiyalarga ega, kreativ hamda nostandart fikrlash ko‘nikmalarini o‘zlashtirgan, dars mashg‘ulotiga ijodiy munosabatda yondashuvchi, sohaga doir ilg‘or xorijiy tajribalar bilan tanish bo‘lgan, real sharoit va vaziyatlarga tezlik bilan professional moslasha oladigan o‘qituvchi shaxsini tarbiyalash konsepsiyaning asosiy mazmunini tashkil etadi.
Konsepsiyada kelajak o‘qituvchisi shaxsini tarbiyalash tizimi va uning asosiy prinsiplari, usullari, kasbiy kompetensiyalari, jamiyatning kelajak o‘qituvchisi oldiga qo‘yadigan asosiy talablar ilmiy asosda ishlab chiqilgan bo‘lib, oliygohda o‘quv jarayoni ushbu masalalarni ta’lim amaliyotiga joriy etishga yo‘naltirilgan holda tashkil qilingan.
Universitetda konsepsiya doirasida xalqaro o‘qituvchilar tayyorlash amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Mazkur loyiha aniq va tabiiy fanlar, inklyuziv ta’lim, maxsus pedagogika yo‘nalishlarida xalqaro standartlarga muvofiq o‘qituvchilarni tayyorlash va ularni pedagoglarga ehtiyoji baland bo‘lgan arab davlatlari, shuningdek, Afrika va Yevropaning ayrim mamlakatlariga ishga yo‘naltirishni nazarda tutadi.
Biz taklif etayotgan konsepsiyada klaster vositasida ta’lim muassasalari hamkorligini yo‘lga qo‘yish usullari taklif qilingan. Bular — kelishuv, amaliy empatiya, hamkorning obro‘sini saqlash, to‘ldiruvchilik va ijtimoiy kamsitishlarni rad etish usullari. Bu usullar o‘suvchi va o‘zgaruvchi ko‘rsatkichlardir.
Pedagogik ta’lim klasterining har bir sohada ahamiyati katta. Jumladan, iqtisodiy sohada: samarali ta’lim xizmatlari bozorini shakllantirishga yordam beradi; ijtimoiy sohada: pedagogik ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlashga ko‘maklashadi; marketing sohasida: innovatsion ta’lim texnologiyalarini, ta’lim muassasalarining o‘quv-tarbiyaviy ishlarida yangi imkoniyatlarni ommalashtiradi; huquqiy sohada: klaster doirasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishning, shuningdek, ta’lim muassasalarini boshqarishning yangi shakllariga o‘tish bilan bog‘liq me’yoriy-huquqiy asoslarni yaratish imkoniyatini beradi; pedagogika sohasida: uzluksiz ta’lim tizimida pedagog kadrlarni tayyorlashni hamkorlikda loyihalash imkonini yaratadi.
Umuman olganda, pedagogik ta’lim klasteri sohaga iqtisodiy modellarni tatbiq qilish natijasida samaradorlikka erishishni nazarda tutadi. Uning subyektlari, yo‘nalishlari va tamoyillari hodisa uchun muhim bo‘lgan ko‘plab savollarga javob beradi hamda o‘zida shu jarayonning mazmunini ifodalaydi.
Chirchiq davlat pedagogika universiteti rektori,
O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi