Chop etdi: Fayziyev | Ko'rildi: 809 marta
Tegishli bo'limi: Yangiliklar
Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzaev Chirchiq davlat pedagogika institutiga tashrif buyurdi. Tashrifi davomida institut pedagog jamoasi hamda talabalarining erishgan yutuq va natijalari, rejalari bilan yaqindan tanishdi.
Institut axborot-resurs markazida talaba-yoshlar bilan uchrashdi. Talabalaga yaratilgan sharoitlar, oʼquv, ilmiy va badiiy adabiyotlar bilan taʼminlanish koʼrsatkichlari hamda talabalar turar joylarida yaratilgan sharoitlar haqida dildan suhbatlashdi. Institut faollar zalida olimlar, yozuvchi va shoirlar, institutning professor-oʼqituvchilari bilan uchrashuvi ham tashkil etildi. Uchrashuvda Chirchiq davlat pedagogika instituti rektori, professor Gʼofurjon Muhamedov, Oʼzbekiston xalq shoiri Mahmud Toir soʼzga chiqdi.
Zoyir Mirzaev Toshkent viloyatida bugungi kunda amalga oshirilayotgan ishlar, rejalashtirilayotgan loyihalar haqida gapirib, koʼp sonli ijodkorlar, jurnalistlar, fan, sanʼat va adabiyot sohasi fidoyilarining ushbu jarayondagi faol ishtiroki qanchalik muhimligini taʼkidladi. Uchrashuvda shuningdek, xalq farovonligini taʼminlash, muammo va kamchiliklarni birgalikda bartaraf etish xususida fikr almashildi. Zoyir Mirzaev viloyat rahbari sifatida bu boradagi tashabbuslarni doimo qoʼllab-quvvatlashi, tashabbuskorlarga har tomonlama yordam berishga tayyorligini bildirdi.
Viloyat hokimi Zoyir Mirzaev Toshkent viloyatining barcha Yoshlar ishlari agentlikligi rahbarlari hamda Yoshlar ittifoqi raislari bilan uchrashib, ularni qiynayotgan muammolar bilan qiziqdi. Muloqot chogʼida yoshlarga yaratilayotgan shart-sharoitlar, koʼzda tutilayotgan istiqbolli rejalar xususida fikr almashildi.