Chop etdi: Fayziyev | Ko'rildi: 377 marta
Tegishli bo'limi: Davra suhbatlari
Hech sir emaski, yurtimiz aholisining asosiy qismini tashkil etuvchi yoshlar tarbiyasi, ularning sifatli ta’lim olishlari hamda sog‘lom va barkamol avlod bo‘lib voyaga etishlari Yurtboshimiz tomonidan olib borilayotgan davlat siyosatining bosh mezonlaridan hisoblanadi. Shuning uchun ham yoshlar bilan muloqot olib borish, ularni bugungi kunda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, Yangi O‘zbekiston g‘oyasi bilan yanada kengroq tanishtirish har bir fakultetning oldida turgan eng ustuvor vazifalardan biridir.
Bugun Matematika va informatika fakulteti dekani, professor Dilfuza Maxmudova «Dekan va yoshlar uchrashuvi» tadbiri doirasida fakultetning birinchi bosqich talabalari bilan uchrashdi.
Samimiy muloqot ruhida o‘tgan uchrashuv avvalida Dilfuza Maxmudova yurtimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning samarasi o‘laroq, barcha sohalar qatori oliy ta’lim tizimida ham juda ulkan yangilanishlar, ta’lim oluvchilar uchun ko‘plab imkoniyatlar yaratilganini, o‘z navbatida yoshlar ushbu imkoniyatlardan unumli foydalangan holda, o‘qib, o‘rganib, kelajakda Yangi O‘zbekiston aniq fanlari rivoji uchun o‘z hissasini qo‘shishlari lozimligini ta’kidladi.
Fakultetda yoshlar bilan muloqot qilish doimiy an’ana ekanligini, ularning tashabbuslari va takliflarini amalga tadbiq etishga doimo tayyor ekanligini bayon qilib, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan batafsil tanishtirdi.
Jumladan, yosh iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, ularning iste’dodini namoyon qilishlariga keng imkoniyatlar yaratish maqsadida Talabalar akademiyasi faoliyat olib borayotganligini, shuningdek, «Besh tashabbus – besh imkoniyat», «Eng faol matematik», «Tamaddun bunyodkorlari» kabi tanlovlar tashkil etildi hamda g‘olib va sovrindorlar munosib taqdirlanganligini bildirdi.
Shuningdek, talabalarni turar joy bilan ta’minlash masalasiga to‘xtalib, bu borada ustuvorlik birinchi bosqich talabalariga berilganini aytib o‘tdi. Shuningdek, to‘lov shartnoma asosida tahsil olayotgan talabalarga yaratilayotgan imkoniyatlar bilan ham batafsil tanishtirib o‘tildi.
O‘z navbatida, talaba-yoshlar ham fakultet haqidagi ilk taassurotlari haqida to‘xtalar ekan, ular uchun barcha sharoitlar yaratilgani, ustozlar va xodimlar doimo ularga xushmuomalalik bilan munosabatda bo‘lib, bilmaganlarini o‘rgatib kelayotganini aytib o‘tishdi. Shu qatorda o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollariga ham fakultet rahbariyati tomonidan batafsil javoblar oldilar.