Chop etdi: Fayziyev | Ko'rildi: 131 marta
Tegishli bo'limi: O'quv amaliy tadbirlar

Yosh rangtasvirchi
Аbdumajitov Аvazjonning “Ona zamin ohanglari”
nomli shaxsiy koʼrgazmasi Press-reliz
Isteʼdodli rassom, izlanuvchan ijodkor, Avazjon Abdumajitovning chegara bilmas badiiy tafakkuri ila tasvirlagan moʻjiza asrlarida olamning sir sinoatlari turli ranglar jilosida jamlangan. Voqelikka nisbatan o‘z munosabati, olam manzaralarining turfaligi, qalb qo‘ridan yaralgan asarlari yosh ijodkorning yo‘lini yoritib, ilhom manbaiga aylanib bormoqda.
Avazjon chin maʼnodagi izlanuvchan, mehnatkash yosh ijodkorlar sirasiga kiradi. U 1995 yilning 7 fevralida Toshkent viloyatining Qibray tumanida tavallud topgan. O‘rta maktabni bitirgach, hech ikkilanmay rassom bo‘lishga ahd qiladi. 2013 yilda Respublika rassomlik kollejida tasviriy sanʼat sirlarini o‘rgana boshlaydi. Dastlabki tahsilni olgach, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida badiiy taʼlimni mustahkamlaydi. Hozirda Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika universiteti “Tasviriy sanʼat va dizayn” kafedrasi o‘qituvchisi sifatida ijodiy-pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanib keladi.
Rassom ushbu ko‘rgazmada keng qamrovli ijodiy ishlarini taqdim etgan. Ular orasida ilk ijodiy namunalari, o‘z dastxatini topish yo‘lidagi izlanishlari, biroz mukammalikka daʼvogar asarlari, hamma- hammasi jamlangan. Yilning turli fasllariga oid manzaralar, har-xil badiiy uslubda yaratilgan abstrakt tafakkurga oid izlanishlari, tabiat qo‘ynida bajarilgan etyudlari yosh ijodkorning badiiy salohiyati shakllanib borayotganligidan darak beradi. U hamon o‘rganishda, izlanishda, o‘z yo‘lini, tasviriyot olamida o‘rinni topishga intilmoqda. Tabiatning turfa ranglari-oqshom sirlari, yomg‘ir tomchilarining moʻjizalari, qishloq manzaralari, hamma hammasida rassomning tabiatga munosabati o‘z aksini topgan.
Ishonchimiz komilki, ijodkor bundan keyin ham o‘z topilmalari va betakror tasviriyot olami bilan tomoshabinlarni hayratga solishda, yangi “asar”larni tasvirlashda davom etaveradi.