О‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2019 yil 7 yanvardagi PQ-4097-son qarori bilan Toshkent shahridagi Amiti Universiteti tashkil etildi. Bu haqda Oliy va о‘rta maxsus ta’lim vazirligi xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, universitetda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida, birinchi navbatda, dasturiy ta’minotni ishlab chiqish, axborot tizimlari va kompyuter tarmoqlarini boshqarish bо‘yicha xalqaro standartlar darajasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlanadi.
Universitetning ta’lim faoliyati 2019/2020 о‘quv yilidan boshlanadi.
Universitetda о‘qishni tamomlagan bitiruvchilarga О‘zbekiston Respublikasida oliy ma’lumot tо‘g‘risidagi hujjat sifatida e’tirof etiladigan Amiti Universitetining (Hindiston Respublikasi) belgilangan namunadagi diplomi beriladi.