TAKLIFNOMA
Hurmatli hamkasblar!
Sizlarni 2021 yil 24 sentabr kuni Chirchiq shahrida (Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutida) bo‘lib o‘tadigan «Til ta’limining uzviyligini ta’minlashda innovatsion texnologiyalar: muammo va yechimlar» mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy anjumaniga taklif etamiz.
Ushbu konferensiyaning asosiy maqsadi – ta’lim jarayonida o‘zbek tili va adabiyoti fanini o‘qitishda innovatsion texnologiyalardan foydalanish orqali samarali va sifatli ta’limni amaliyotga joriy qilish, shuningdek, til ta’limida zamonaviy axborot-kommunikatsion texnologiyalardan foydalanish orqali o‘quvchilarning tasavvurlarini boyitishning ilmiy asoslarini yoritish, raqamli texnologiyalardan samarali foydalanishning usullarini muhokama etish, jahonda soha tarmoqlari bo‘yicha nazariy va amaliy tadqiqotlarni takomillashtirishning dolzarb masalalari, salmoqli ilmiy tadqiqot natijalarini muhokama etish, amalda joriy qilishni yanada rivojlantirish bo‘yicha ilmiy asoslangan xulosalar ishlab chiqish, tavsiyalar berish masalalari yuzasidan soha mutaxassislari bilan birgalikda o‘zaro fikr almashish hamda mavjud muammolarning yechimini muhokama etishdan iborat.
Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi ta’lim tizimidagi, xususan, o‘zbek tili va adabiyotini o‘qitishda qo‘llanilayotgan ilg‘or nazariy-metodologik hamda amaliy ahamiyatga molik natijalar muhokama qilinadi. Shuningdek, Respublikamizda faoliyat yurituvchi soha vakillari bilan hamkorlikni mustahkamlash, tajriba almashish, ta’lim jarayonida ularning yutuqlaridan foydalanish va institut professor-o‘qituvchilari tomonidan o‘zlashtirilgan tajribalarni o‘rtoqlashish anjumanning asosiy vazifalaridan hisoblanadi.
Hurmatli kasbdoshlar, ushbu anjumanda faol ishtirok etishingizni kutamiz!
Tashkiliy qo‘mita