Chop etdi: Fayziyev | Ko'rildi: 526 marta
Tegishli bo'limi: Uchrashuvlar
Chirchiq davlat pedagogika universitetiga Tojikiston Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Abdujabbor Rahmonzoda tashrif buyurdi.
Elchi universitetda tashrif davomida so‘nggi yillarda olib borilayotgan akademik va ilmiy ishlar, «Pedagogik ta’lim innovatsion klasteri», «Individual ta’lim dasturi», «Talabalar akademiyasi» loyihalari natijalari, fakultetlar faoliyati, ularda talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Axborot resurs markazi, Yuridik klinika, Arxeologiya laborotoriyasi, Tarix ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati janob elchida iliq taassurot qoldirdi. Universitet professor-o‘qituvchilari bilan ham qizg‘in suhbatlashgan elchi bu erda ilmiy yutuqlar uchun mustahkam poydevor mavjudligini e’tirof etdi.
Shundan so‘ng universitet qoshidagi Do‘stlik madaniyat markazi faoliyat jarayonini bevosita kuzatib, talabalar bilan suhbatlashdi. Madaniyat markazining tojik bo‘limi Tojikiston Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Abdujabbor Rahmonzoda e’tiborini tortdi. Ta’kidlash o‘rinliki, ayni paytda Chirchiq davlat pedagogika universitetida 500 ga yaqin talabalar turli ta’lim yo‘nalishlarda tojik tilida ta’lim oladi. Tojik tilida dars berayotgan o‘qituvchilar bilan muloqotda ular tomonidan o‘quv jarayonida qo‘llanilayotgan Evropa tajribalari, kredit-modul tizimida tadbiq etilayotgan metodlar xususida Abdujabbor Rahmonzoda batafsil ma’lumot berdilar.
Elchi Chirchiq davlat pedagogika universitetida olib borilayotgan ishlarni yuksak baholadi va kelgusida bu kabi hamkorlik davom etishini mamnuniyat bilan ta’kidladi.