Chop etdi: OTM axborot xizmati | Ko'rildi: 75 marta
Tegishli bo'limi: Axborot makoni
25-26-aprel kunlari Chirchiq davlat pedagogika universitetiga Latviya universiteti Latviya tarixi instituti vakillari tashrif buyurishdi. Tashrif ikki tashkilot o‘rtasidagi hamkorlik shartnomasini imzolashdan boshlandi.
Ikki tashkilot o‘rtasidagi shartnomaga ko‘ra, o‘zaro talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, tadqiqotchi o‘qituvchilarni Latviya universitetiga stajyor izlanuvchilikka jo‘natish, mahorat darslarini tashkil qilish, yozgi maktablar tashkil qilish, shuningdek, Latviya universitetidagi loyihalarga talabalarni ham jalb qilish kabi masalalar bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar rejalashtirildi.
Mehmonlar universitetimiz ARMda mavjud sharoitlar, universitet o‘quv uslubiy ta’minoti bilan tanishdi.
Shundan so‘ng Gumanitar fanlar fakulteti Tarix yo‘nalishi talabalari uchun “Tarix darslarida Sun’iy intellektdan foydalanish samaradorligi” mavzusida master klass o‘tkazildi. Master klassda o‘quv jarayonida mobil telefonlardan samarali foydalanish orqali o‘quv jarayonini sifatli tashkil qilishga ahamiyat berildi. Mutaxassislar tomonidan https://kahoot.com/ va https://menti.com va kabi platformalar orqali dars jarayonining o‘zida olingan bilimlarni tekshirish, dars bo‘yicha o‘z xulosalarini bayon etish kabi amaliyotlar o‘tkazildi, talabalarga 4+2 tartibidagi amaliyotda mobil telefonlardan foydalangan holda o‘quvchilar bilan ishlashning samarali usullari o‘rgatildi.
Shundan so‘ng mehmonlar ishtirokida Tarix yo‘nalishi talabalariga qiziqarli mavzularda ma’ruza debatlar o‘tkazildi.
Gumanitar fanlar fakulteti dekani R.A.Ikramov mehmonlarni fakultet Do‘stlik markazida kutib oldi. Fakultet dekani o‘zaro talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, o‘qituvchilar o‘rtasida tajriba almashish bo‘yicha rejalar tuzdi. Ayniqsa Latviya universitetida doimiy tashkil etiladigan Yozgi maktabga talabalarni jalb qilish masalalari hal qilindi.
Mehmonlar fakultetdagi Do‘stlik markazi, Talabalar akademiyasi, Tarix laboratoriyasi, Arxeologiya markazi bilan tanishdi, talabalar bilan suhbatlar o‘tkazishdi. Talabalar bilan individual ishlash tizimining natijalari bilan tanishtirdi. Mehmonlar ham o‘z navbatida Latviya universitetidagi Talabalar kengashi faoliyati bilan o‘rtoqlashishdi.
“Umumiy tarix va ta’lim metodikasi” kafedrasidagi “Klaster tizimida tarix fanlarini o‘qitishning modifikatsion metodikasi” ilmiy tadqiqot loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan tadqiqot ishlarining pedagogik konsiliumi bo‘lib o‘tdi. Bunda mutaxassislar olib borilayotgan tadqiqot ishlariga nisbatan o‘z fikr-mulohazalarini keltirishdi. Latviya oliy ta’lim, umumiy o‘rta ta’lim va gimnaziyalarda tarix fanlarining o‘qitilish mazmuni va tuzilishi bo‘yicha ma’lumot berishdi. Pedagogik konsilium natijasida tadqiqotchilar O‘zbekiston va Latviyadagi ijtimoiy fanlarni o‘qitishda mavjud o‘zaro o‘xshash va farqli xususiyatlarni muhokama qildi, zamonaviy yondashuvlar tahlil qilindi.
Tashrif mobaynida universitetning Pedagogik ta’lim innovatsion klaster bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlari tanishtirildi. Pedagogik klinika, Maktab-labarotoriya maydonchalari, Ochiq osmon ostidagi maktab loyihasi, ART pavilion, Geografiya maydonchasi va boshqa markazlar mehmonlarda katta tassurot qoldirdi.
ART pavilionida amalga oshirilayotgan ishlar, rassomchilik, haykaltaroshlik sohasidagi talabalar faoliyati mehmonlarga juda manzur bo‘ldi.
Tashrif so‘nggida Universitet qoshidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi ekspozitsiyasi bilan tanishtirildi. Kelajakda arxiv ma’lumotlari bilan tajriba almashish va muzey ishlari bo‘yicha o‘quv albom tayyorlash bo‘yicha kelishib olishdi.