Chop etdi: OTM axborot xizmati | Ko'rildi: 149 marta
Tegishli bo'limi: Dolzarb yangiliklar
Markaz muzeyi ekspozitsiyasini qimmatli artefaktlar va ma’lumotlar bilan boyitish maqsadida joriy yilning noyabr oyida Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida joylashgan pedagogika universiteti bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Muzeyning “Islomdan avvalgi davrda Markaziy Osiyo” bo‘limida metallurgiya sohasini yoritish uchun universitet tomonidan professor-o‘qituvchilardan iborat ilmiy-ijodiy guruh shakllantirildi.
Ushbu hamkorlik doirasida 6-dekabr kuni Markazning muzey va eksponatlar bo‘limi boshlig‘i I.Yo‘ldoshev, Muzey va eksponatlar bo‘limi ilmiy xodimi A. Egamovlar Chirchiq davlat pedagogika universitetida bo‘lib qaytdilar.
Universitetning “O‘zbekiston tarixi” kafedrasi dotsenti, Respublikamizning metallurgiya sohasidagi yirik olimi Kraxmal Konstantin Andreevich Markaz xodimlarini universitetning o‘quv binosida tashkil etilgan keng ko‘lamli eksponatlar kolleksiyasi bilan tanishtirdi. Ibtidoiy jamoa davrining chaqmoq toshlari, eftaliylar davriga oid xumlar, O‘rta asrlarda ishlab chiqarilgan shishasozik va keramika namunalari universitet fondidan o‘rin olgan nodir artefaktlar sarasiga kiradi.
Tashrif davomida San’atshunoslik fakulteti dekani, pedagogika fanlari falsafa doktori, dotsent Sultanov Hayitboy Eralievich boshchiligida talabalarning ijodiy ustaxonasi va u yerdagi faoliyatlari bilan tanishildi.
Tashrif so‘ngida universitet rektori Gafurjan Muxamedov bilan ishchi guruh tomonidan amalga oshiriladigan istiqboldagi rejalar muhokama qilindi.