Chop etdi: OTM axborot xizmati | Ko'rildi: 308 marta
Tegishli bo'limi: Axborot makoni
4-8- yanvar kunlari Chirchiq davlat pedagogika universiteti rektori qoshida kafedralar faoliyatining joriy o‘quv yili birinchi yarmi yakunlari muhokamasi va istiqbolli rejalariga bag‘ishlangan yig‘ilishlar bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishlarda kafedralar faoliyatiga asosiy e’tibor, avvalo, universitet oldiga qo‘ygan maqsadlarni amalga oshirishda o‘qituvchilar va talabalar hamkorligiga yangi impuls berish, kafedralar imkoniyatlarini oshirish hamda ijro intizomini mustahkamlashga qaratildi. Har bir kafedrada barcha kuch va resurslarni asosan to‘rtta dolzarb vazifaga qaratish yuzasidan fikrlar tinglandi va tavsiyalar berildi.
Birinchidan, mavjud kafedralarning pedagogik taʼlim innovatsion klaster bo`yicha asosiy natijalari o‘rganildi.
Kafedrada mavjud intelektual resurslarni pedagogik ta’limni rivojlantirishning dolzarb muammolari atrofida integratsiyalash, manfaatdor sub’ektlarning qoniqish darajasida tezkor fikr –mulohazalar bilan bo‘lajak o‘qituvchilarni amaliy yo‘naltirilgan holda tayyorlash darajasi tahlil qilindi. Klasterning sub’ekti sifatida ota-onalarga e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.
Ikkinchidan, kafedralarning xalqaro darajadagi o’qituvchilar tayyorlash salohiyati yuzasidan taqdimotlari bilan tanishildi.
Chirchiq davlat pedagogika universiteti Prezident maktabi dasturi asosida malakali o‘qituvchilar tayyorlovchi “Tayanch oliy o‘quv yurti” sifatida belgilangan. Universitet xorij davlatlaridagi ta’lim muassasalariga ham xalqaro toifadagi pedagog kadrlar yetkazib berishga katta e’tibor qaratgan. Universitet rahbari ushbu masalada kafedralarni tashabbuskor bo‘lishga va natijadorlikka ishlashga chaqirdi. Xalqaro toifadagi pedagog kadrlar tayyorlashda Kembrij Xalqaro ta’lim dasturining talablari va standartlari, xalqaro tajribaning ilg‘or jihatlarini ta’lim va amaliyot jarayoniga tadbiq etish masalasida jiddiy e’tibor qaratish kerakligini uqtirdi.
Uchinchidan, individual taʼlim yo‘nalishi va kafedra professor-o‘qituvchilari ko‘magida talabalarning erishgan natijalari o‘rganildi.
Talabaning taʼlimda shaxsiy salohiyatini roʻyobga chiqarishning individual shakli borasida amalda qo‘llanilayotgan loyihalar tahlil qilindi. Taʼlim jarayoni davomida talabalarning tashkiliy, ijodiy va boshqa shaxsiy qobiliyatlari aniqlash hamda shunga mos ravishda yoʻnaltirish, kasbiy istaklari asosida individual ishlash masalasi yuzasidan kafedra mudirlarining hisobotlari tinglandi. Talabalar akademiyasi imkoniyatlaridan foydalanish masalasiga urg‘u berildi.
To‘rtinchi masala, kafedralarning qisqa va uzoq muddatli istiqbolli rejalari va takliflari tinglandi. Ma’qullangan takliflarni moliyalashtirish masalasiga ham e’tibor qaratildi. Universitet rahbari kafedralarning qator loyihalarini rag‘batlantirish masalasida o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi. O‘tkazilgan yig‘ilishlarda universitet prorektorlari, tuzilma rahbari ishtirok etdi.
Ma’lumot uchun: Bugungi kunda ChDPUda 40 kafedra faoliyat olib bormoqda.