Chop etdi: OTM axborot xizmati | Ko'rildi: 76 marta
Tegishli bo'limi: Dolzarb yangiliklar
Prezidentimiz raisligida oʻtkazilgan videoselektorda Chirchiq davlat pedagogika universitetiga Piskent tumanining turistik salohiyatini oshirish, ilmiy-amaliy yondashgan holda, turizm obektlari va mahsulotlari kontentini boyitishi lozimligi belgilangandi.
Tahlillarga koʻra, 2023-yil davomida Piskent tumanidagi madaniy meros va turizm namoyish obyektlariga tashrif buyurgan xorijiy sayyohlar soni 170 nafar va mahalliy sayyohlar soni esa qariyb 7000 nafarni tashkil qilgan. Hozirda Piskent tumanida 2 ta tarixiy-arxeologik obida, 2 ta ziyorat turizm obyekti, 2 ta turoperatorlik firmasi faoliyat koʻrsatmoqda.
Bugun Turizm fakulteti rasmiylari Piskent tumaniga tashrif buyurib, Hokimlik rahbariyati bilan uchrashdi. Piskent tumanining turistik salohiyatini oshirish boʻyicha 2024-yil davomida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi muhokama qilindi.
Xususan, turistlarni jalb qiladigan obektlar tarkibini oʻrganish va xaritasini tuzish, sayyohlik markazlarida Toshkent viloyati sanʼatini aks ettiruvchi animatsion dasturlarni tashkil etish, ziyorat turizmini rivojlantirish maqsadida “Qiriqqiz” ziyoratgohi maʼlumotlar bazasiga kiritilgan obektlarning kontentlarini yaratish va yangilab borish, arxeologik, etnografik va agroturizmni rivojlantirish maqsadida qishloq turistik klasterlarini tashkil qilishni ilmiy asoslangan taklifini ishlab chiqish, obyektlar katologlarini raqamlashtirish singari vazifalar oʻrin olgan.
Shuningdek, Piskent tumanida turizmni rivojlantirishga qaratilgan ilmiy-tadqiqot mavzulari bankini yaratish, ularni magistrant, tayanch doktorant, doktorant va mustaqil tadqiqotchilarga ilmiy-tadqiqot mavzusi sifatida taklif qilish, turistlar oqimini yanada oshirish va universitet imkoniyatlaridan samarali foydalanishni yoʻlga qoʻyish uchun Turizm fakulteti qoshida turistik firma tashkil qilish rejalashtirilmoqda.