Chop etdi: Fayziyev | Ko'rildi: 217 marta
Tegishli bo'limi: Oliy ta'lim muassasi yangiliklari

Chirchiq davlat pedagogika universitetida finlyandiyalik mutaxassis Mr. Petri LOURANSKORPI ishtirokida Finlandiya ta’lim tizimidagi ilg‘or jihatlarni o‘rganishga qaratilgan mavzusida treyninglar seriyasiga start berildi. Dastlabki trening universitet rektori G‘ofurjon Muhamedov ishtirokida bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan “O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonda yangi Milliy o‘quv dasturini ishlab chiqishda xorijlik ekspertlar, jumladan, Finlyandiyaning malakali mutaxassislarini jalb qilish nazarda tutilgandi.
Ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy qilgan holda professional kadrlar tayyorlashni yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan treningning dastlabki darsida o‘quvchilarga yo‘naltirilgan ta’lim: o‘qituvchilarning kasbiy mahorati va uni rivojlantirishning zamonaviy usullari yuzasidan fikr almashildi.
— O‘zbekistonda ish boshlaganimda, avvalo, mavjud holatni puxta o‘rganganman, tahlil qilganman. O‘qituvchilarning o‘z kasbiga munosabatini o‘zgartirish kelgusi muvaffaqiyatlarning poydevori bo‘la oladi, - dedi Petri LOURANSKORPI. - Start berilgan treningda pedagoglar uchun yangi usullarni joriy qilish harakatidaman.
Fin ta’lim tajribasiga asoslangan platformani 48 soatlik treningda tanishtirish ko‘zda tutilgan.
Trening yakunida universitet rektori G‘ofurjon Muhamedov Petri Louranskorpiga Chirchiq davlat pedagogika universitetida ta’lim sifati samaradorligini oshirish hamda Finlyandiya tajribasini joriy etishda amalga oshirilayotgan hamkorlik loyihalari uchun minnatdorchilik bildirar ekan, ushbu platformadan foydalanish bo‘yicha aniq korsatma va takliflar berdi.