Chop etdi: OTM axborot xizmati | Ko'rildi: 734 marta
Tegishli bo'limi: Uchrashuvlar
Bugun Chirchiq davlat pedagogika universiteti qoshidagi San’at galereyasiga Xovos tumani 14-bolalar musiqa va san’at maktabi o‘quvchilari va murabbiylari tashrif buyurdi.
Tashrif davomida san’at maktabi o‘quvchilari ChDPU San’at galereyasi faoliyati va uning ustaxonalari bilan yaqindan tanishdi. Galereyaning konferens-zalida talabalar va o‘quvchilarning o‘zaro ijodiy muloqoti tashkil etildi.
Tashrif doirasida tashkil etilgan mahorat darsida talabalar o‘quvchilarga tasviriy san’atning turli janrlarida ishlash usullari va ranglardan foydalanish qoidalarini yaqindan o‘rgatdi.
– Bugungi mahorat darsida o‘quvchilarning bilimi yanada sayqallashdi, - deydi maktabning tasviriy san’at to‘garagi rahbari Boburjon Abduqahhorov. – Maktabimizning “Tasviriy va amaliy san’at” to‘garagida 130 nafarga yaqin o‘g‘il-qiz tahsil oladi. Ularga rangli surat chizish, kompozitsiya, haykaltaroshlik va grafika janrlarida ishlash bo‘yicha bilim berib kelmoqdamiz. O‘quvchilarimga Italiyaning Uffitsi galereyasi haqida ko‘p gapirardim. Ular hozir o‘zlarini Uffitsi galereyasida yurganday his qilishmoqda. Buning uchun Sizlarga rahmat.
O‘quvchilar Chirchiq davlat pedagogika universiteti talabalari bo‘lish istagini bildirdi. Rag‘bat va ehtirom sifatida ChDPU rassom-talabalari o‘quvchilarga esdalik sovg‘alar ulashdi.