Joriy yilning 23-aprel kuni Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanining madaniyat saroyida Chirchiq Davlat Pedagogika instituti va O‘rta Chirchiq tumani hokimligi va Xalq ta’lim bo‘limi hamkorligida STEAM olimpiadasi bo‘lib o‘tdi. Olimpiadada STEAM (Science – fan, Technology – texnologiya, Engineering – muhandislik, Art – san’at, Math – matematika) sohalarida ta’limni rivojlantirish bo‘yicha xorijiy mamlakatlar tajribalaridan foydalangan holda zamonaviy va innovatsion ta’lim dasturlari namoyish etildi.
Olimpiadani o‘tkazishdan asosiy maqsad, talabalar va o‘quvchi yoshlar orasida tabiiy va aniq fanlarni keng targ‘ib qilish hamda STEAM ta’limi sohasidagi xorijiy mamlakatlar tajribasini o‘rganish hamda uni qo‘llashni yo‘lga qo‘yishdan iboratdir. Shu boisdan ham, talaba va o‘quvchilarni kelajakka tayyorlashda STEAM ta’limi muhim ahamiyatga egadir.
STEAMning maqsadi – talabalar va o‘quvchilar tafakkurini rivojlantirish hamda ularni fan, texnologiya, muhandislik, san’at va matematika kabi fanlardan olgan bilimlarini samarali qo‘llashga o‘rgatishdan iborat. Shu bilan birga, STEAM ta’limi murakkab o‘quv loyihalarini amalga oshirishda fanlarni o‘zaro chambarchaslikda o‘rganish imkonini beradi.
STEAM olimpiadasida Chirchiq Davlat Pedagogika institutining Pedagogika fakultetida faoliyat olib borayotgan professorlar, katta o‘qituvchilar, faol talabalar hamda O‘rta Chirchiq tumani Xalq ta’lim bo‘limi tassarufidagi 16-17-18-23-24- umumiy o‘rta ta’lim maktablarining ustozlari va o‘quvchilaridan iborat “Smart”, “Creative”, “Da Vinchi”, “Together” hamda “Renesans” jamoalariga bo‘lingan holda STEAM ta’limining beshta sohasi asosida tuzilgan shartlarda o‘zaro bellashdilar. Bu shartlar davomida har bir jamoa berilgan vazifalarni birgalikda o‘zaro hurmat bilan oson va tezkor hal etishda kreativ topqirlik bilan yondoshdilar.
STEAM olimpiadasi yakunida o‘zlarini faolligini namoyish etgan “Smart” jamoasi g‘oliblikni, “Da Vinchi” jamoasi ikkinchi va “Creative” jamoasi esa faxrli uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. G‘oliblar va ishtirokchilar Toshkent viloyati Chirchiq Davlat Pedagogika institutining rektori tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Abdullayev Oybek
Pedagogika fakulteti 1 bosqich magistranti