Chop etdi: Fayziyev | Ko'rildi: 282 marta
Tegishli bo'limi: Oliy ta'lim muassasi yangiliklari

Yaqinda “Transparency International” xalqaro nodavlat tashkiloti tomonidan Korrupsiyani qabul qilish indeksining 2022 yil natijalari e’lon qilindi. 180 ta davlat orasida O‘zbekiston 31 ball bilan 126-o‘rinni egalladi. Ahamiyatlisi, mamlakatimiz ballarini 3 taga oshirib, o‘rnini 14 pog‘onaga yaxshilashga (2021-yilda 140-o‘rin) muvaffaq bo‘ldi. Mamlakatmiz mazkur indeksda so‘nggi 6 yil davomida o‘sish sur’atlarini qayd etayotgan davlat sifatida Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasining aksilkorrupsiya islohotlarini tizimli ravishda amalga oshirayotgan davlatlar qatorida qayd etildi. Bunday o‘sish quzatilayotgani, albatta, yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida qilinayotgan ishlarning ijobiy samarasidir.
Shunga qaramay, ushbu reytingdagi o‘rnimizni yaxshilash va umuman jamiyatda korrupsiyani yo‘q qilish uchun lobbizm, monopoliya va manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish, nepotizm, noqonuniy boylik orttirish, hokimiyatni suiste’mol qilish hamda favoritizm kabi illatlarni bartaraf etish ishlarini jadallashtirishimiz talab kilinadi.
Xo‘sh, yurtimizning bu ko‘rsatkichi bo‘yicha ekspertlar qanday fikrda? BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasining O‘zbekistonda amalga oshirilishini baholash hisobotining hammuallifi Grigoriy Mashanov shunday deydi: “O‘zbekiston hukumati korrupsiyaga qarshi isloxotlarni izchil davom ettirmoqda. Muammolar bo‘lsada, hukumat davlat xizmatlarini raqamlashtirish, byurokratiya va ruxsat berish jarayonlarini takomillashtirish, tartib-qoidalarni soddalashtirish va maishiy korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ko‘p ishlarni amalga oshirdi”.
Tan olaylik, bugungi davrda hech bir davlat korrupsiyadan holi emas. Ammo unga qarshi kurashmaslik muqarrar falokatga eltishi tayin. BMT Taraqqiyot dasturida jahon iqtisodiyoti aynan korrupsiya holatlari tufayli yiliga 2,6 trillion AQSh dollari miqdorida mablag‘ yo‘qotayotganini, jamiyat ravnaqining eng xavfli kushandasiga aylangan bu illatga qarshi faqat birgalikda kurash olib borishgina kutilgan samarani berishi ta’kidlangan.
Bundan ko‘rinadiki, korrupsiya balosi dunyodagi ko‘plab mamlakatlarni qamrab olgan – poraxo‘rlikni tak-tomiri bilan tugatganmiz,deb maqtana oladigan davlatning o‘zi yo‘q. Aytmoqchimizki, xatto Yevropaning rivojlangan davlatlari ham bu illatdan butkul holi emas. Yevropa akslkorrupsiya agentligi (OLAF) va Yevroittifoq adliya direktorati birgalikda tayyorlagan qo‘shma ma’ruzada aytilishicha, YeI mamlakatlaridagi korrupsiya holatlari tashvishlanarli. Agar ilgari Yevropa fondlaridan o‘g‘irlangan mablag‘lar hajmi millionlab yevroni tashkil etgan bo‘lsa, endilikda u milliardlarga etmoqda. YeI mamlakatlari korrupsiya balosidan har yili 323 milliard yevro yo‘qotadi.Umuman, dunyoda korrupsiyaviy holat og‘ir bo‘lib, u har qanday davlatdan bu jirkanch ofatga qarshi ayovsiz kurashni talab qiladi. Zero, ushbu muammo va uning oqibatlari iqtisodiyotning samarasizligiga va izdan chiqishiga olib keladi. Pora miqdorining o‘sishi narx-navoni qimmatlashtirib, xizmat va tovarlar sifatini yomonlashtiradi. O‘z navbatida, bunday holat taraqqiyotga jiddiy xalaqit beradi. Shuning uchun sud, prokuratura va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi salohiyatini mustahkamlash, sohasidagi huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish, inson huquqlarini himoyalash bo‘yicha milliy muassasalar va fuqarolik jamiyati institutlari bilan faol hamkorlikni amalga oshirish ustuvor vazifalardan.
Bugungi kunda bozor iqtisodiyoti tizimi kushandasi, davlatlar o‘rtasida ikki va ko‘p tomonlama hamkorlik, biznes hamda investitsiya rivojida shafqatsiz to‘siq ham ayni shu korrupsiya hisoblanadi. Korrupsiya darajasi yuqorilashgan davlatga chet el investitsiyasi kirishi kamayib borayotganining asl sababini ham shu xavfli illatdan izlash lozimga o‘xshaydi. Oldin G‘arb, keyinroq Osiyo davlatlarida bu masala chuqurlashib, jamiyatda “kasallik” hududi, ko‘lami va darajasi kuchayib borayotgan ekan, “ Nima qilmoq kerak?” degan azaliy savol paydo bo‘ladi.
Poraxo‘rlik va korrupsiya jamiyati rivojlanishiga,demokratik yangilanish hamda modernizatsiyalash jarayoniga har jihatdan xalaqit beradi. Korrupsiya, birinchidan, jamiyatda adolatsizlik, tengsizlik va aholining noroziligiga olib keladi, bu esa barcha sohadagi islohotlarning natijasiga salbiy ta’sir etmay qolmaydi; ikkinchidan, fuqarolarimizda huquqiy ong hamda huquqiy madaniyatning yetarli darajada emasligi, o‘z haq-huquqini himoya qila olmasligi jamiyatda adolat mezonining buzilishini ko‘paytiradi; uchinchidan, siyosiy institutlar, jamoat tashkilotlari shaklan demokratik mezon, G‘arb andozasiga o‘xshasa-da, mazmun-mohiyatiga ko‘ra, zamon talabidan orqada qolmoqda, bu kamchilik esa oldinga siljishimizga xalaqit beradi. Davlat va jamiyatda inson ongi, dunyoqarashi bilan bog‘liq muammolar tahlilidan kelib chiqsak, sobiq ittifoqdan meros qolgan korrupsiya illatiga qarshi kurashda hali ancha aziyat chekishga to‘g‘ri keladi. Sababi Xitoy va Singapurnikiga o‘xshagan yuqoridan quyigacha qat’iy ishlaydigan ierarxiya tizimi hali to‘liq ishga tushmagan. Lekin bu tabiiy jarayonni sun’iy ravishda sekinlashtirmaslik yoki ayrim kuchlarning tazyiqi ostida to‘xtatmaslik lozim.
Davlat xizmatchilari tomonidan poraxo‘rlik, mansab mavqeini suiiste’mol qilish bilan bog‘liq jinoyatlar sodir etilishi hokimiyatning obro‘sizlanishiga, davlatning siyosiy, iqtisodiy, huquqiy tizimiga putur yetishiga sabab bo‘ladi. Boshqacha aytganda, muayyan davlatda korrupsiyaning rivojlanishi o‘sha davlatning iqtisodiy-ma’naviy tanazzuliga, xalqaro maydonda obro‘-e’tiborining susayishiga olib keladi.
Shu bois xam so‘ngi yillarda O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Ushbu illatga qarshi kurash har qachongidan ham kuchaydi. Davlat organlari tashkilotlarida ochiqlik bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholashga qaratilgan “Ochiqlik indeksi” joriy etildi. Ayniqsa, sohaning huquqiy asoslarini takomillashtirishga ham jiddiy e’tibor qaratilayotir. Jumladan, yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga qaratilgan jami 24 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalari ishlab chiqildi. “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘grisida”gi Qonun qabul qilindi. Qolaversa,Prezidentimiz tashabbusi bilan “Elektron hukumat” tizimidan keng foydalanilmoqda.
Aslida ham “Elektron hukumat”ning joriy etilishi va uning imkoniyatlaridan keng foydalanish korrupsiyaga qarshi kurashishda eng samarali vosita hisoblanadi. AQSh,Buyuk Britaniya,Shvesiya,Singapur,Norvegiya,Janubiy Koreya kabi mamlakatlar “Elektron hukumat” ni yaratish orqali korrupsiyaga qarshi kurashishda yuqori natijalarga erishgan. Yuqoridagi mamlakatlarning tajribalaridan xulosa chiqarish mumkinki, “Elektron hukumat”ni joriy qilish davlat boshqaruvi organlari faoliyatida oshkoralikni taminlashga katta yordam beradi.
Shu bilan birga,qonun ishlashi,samara berishi,korrupsiyaga qarshi kurash natijadorligi sizu bizga,barchamizga,aholining huquqiy ongi va madaniyati yuksalishiga ham bogliq. “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘grisida”gi Qonunning 3-bobi “Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida huquqiy madaniyatni yuksaltirish,jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish,davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirish, talim muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy talim va tarbiya masalalari ustuvor vazifa ekanligi belgilangan.
Korrupsiyaga qarshi kurashishda oliy talim tizimida ham ijobiy o‘zgarishlar yuz berdi. Institut va universitetlarga qabulning 2018 yildan boshlab adolatli, oshkor tashkil qilinishi, o‘quv jarayoni kredit-modul tizimiga o‘tkazilishi, professor-o‘qituvchilar oylik maoshining bir necha baravar ko‘tarilishi bunda muhim omil bo‘layotir.
Oliy ta’lim tizimida uzoq yillar ishlagan pedagog va olim sifatida shuni aytmoqchimanki, korrupsiyaga qarshi ta’limning dolzarbligi yosh avlodning ushbu illatga nisbatan fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish zarurati bilan bogliq. Shu ma’noda, jamiyatda ustuvor soha - ta’lim tizimida tahsil oladigan o‘smirlar, yoshlar ongida korrupsiya, poraxo‘rlik eng yomon illat ekanini ochib berishimiz lozim. "Jamiyatda poraxo‘rlik illatini yengib bo‘lmaydi", degan fikr yoshlar ongida shakllanib kolgani eng katta kamchiligimiz. Bu borada o‘nglanish, siljish qilmasak, toki biz oilada, ta’lim muassasalarida o‘g‘il-qizlarimiz ongida, ruhiyatida tamagirlik, po- raxo‘rlik yomon illatgina emas, balki u jamiyat tanazzuli, iqtisodiyot orqaga ketishi sababi ekanligi haqida ko‘proq tarbiyaviy va targ‘ibot ishlarini olib bormasak maqsad-muddaoga erishishimiz qiyin. Yoshlarga ilm najot ekanligini, aynan ilm yomonlikdan qaytarib, yaxshilikka da’vat etishini tushuntirish, buni ular ongiga quyishimiz kerak. Shuningdek, yoshlarning dunyo- qarashini shakllantiradigan ijtimoiy fanlarni ta’lim tizimining barcha bosqichida sifatli o‘qitish chora-tadbirlarini belgilash ham korrupsiyaga qarshi kurashning muhim omillaridan biri, deb hisoblaymiz. Zotan, aynan ijtimoiy fanlar kelajak avlodni ham ma’nan, ham ruhan tarbiyalashning eng yaxshi vositasidir.
Xulosa o‘rnida aytganda, har qanday mamlakatni taraqqiyotdan to‘suvchi, tanazzulga yetaklovchi ofat bu, shubhasiz, korrupsiyadir. Unga befarq, loqayd qarar ekanmiz, taraqqiyotga to‘g‘anoq bo‘layotgan bu illatdan xalos bo‘lish qiyin. Shu ma’noda aytganda, bugun har birimiz poraxo‘rlik va korrupsiyaning jirkanch illat ekani haqida ko‘p gapiramizu ammo hamma ishning boshida o‘zimiz turganimizni unutib qo‘yamiz. Farzandimizni ishga joylashga yordam bergan rahbarga, yaqinimizni davolagan shifokorga so‘ramasa ham cho‘ntagiga pul qistirayotgan ham o‘zimiz. Demak, birinchi navbatda, har birimiz o‘zgarishimiz kerak. Shundagina kutilgan natijaga erishish mumkin.
G‘AFURJON MUHAMEDOV,
Chirchiq davlat pedagogika universiteti rektori,professor,O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi.
XALQ SO‘ZI gazetasi 2023 yil 11 mart, №49 (8392)