Chop etdi: Fayziyev | Ko'rildi: 244 marta
Tegishli bo'limi: Dolzarb yangiliklar

Chirchiq davlat pedagogika universitetida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Maksuda Varisova va Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi aʼzosi Moxira Xodjayeva ishtirokida tadbir bo‘lib o‘tdi, unda bundan 31 yil muqaddam 8-dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va uning yangi tahriri loyihasiga kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgarishlar to‘g‘risida so‘z bordi.
— Barchaga maʼlumki, Konstitutsiya davlatimizning asosiy qonunidir, – dedi Maksuda Varisova. – U davlat tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv organlari tizimini, ularning vakolati hamda shakllantirilish tartibi, saylov tizimi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va shaxsning o‘zaro munosabatlari, shuningdek, sud tizimini hamda davlat va jamiyatning o‘zaro munosabatlarini belgilab beribgina qolmay, xalqimizning mustaqillik sari uzoq yo‘ldagi izlanishlari natijasidir.
Bundan bir yil muqaddam, xalq muhokamasiga qo‘yilgan O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida Konstitutsiyaviy komissiyaga 220 mingdan ziyod takliflar kelib tushdi. Muhimi, Komissiya aʼzolari tomonidan ushbu taklif va munosabatlar, fikr va mulohazalar o‘rganilib, O‘zbekiston Respublikasining amaldagi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Eski tahrirdagi Konstitutsiya 128 ta moddadan tarkib topgan bo‘lsa, yangi tahrirdagi, o‘zgartirilgan va qo‘shimcha kiritilgan Konstitutsiya 155 ta moddadan iborat. Mamlakat rivoji, ertangi kuni, muxtasar qilib aytganda aholini haq-huquqlari, millat hayotining davomiyligini taʼminlashga qaratilgan milliy strategiyamiz o‘z ifodasini topgan.
Misol uchun, Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 51-moddasi “Fuqarolar davlat ta’lim tashkilotlarida tanlov asosida davlat oliy ma’lumot olishga haqli. Oliy ta’lim tashkilotlari qonunga muvofiq akademik erkinlik, o‘zini o‘zi boshqarish, tadqiqotlar o‘tkazish va o‘qitish erkinligi huquqiga ega” degan mazmundagi hayotiy norma bilan mustahkamlab qo‘yildi.
Chirchiq davlat pedagogika universitetida professor-o‘qituvchilar, tyutorlar, talabalar va Qonunchilik palatasi deputatlari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilish bahs munozaralarga boy bo‘lib, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar mazmun-mohiyati ochib berildi. Joriy yilning 30-aprel kuni mamlakatimizda o‘tkaziladigan referendumga tayyorgarlik ko‘rish va unda faol ishtirok etish yuzasidan tushunchalar berildi.