Chop etdi: Fayziyev | Ko'rildi: 533 marta
Tegishli bo'limi: Madaniy va ma'rifiy tadbirlar
Chirchiq davlat pedagogika universitetida 4-14 fevral kunlari “Bir asrning ikki dahosi” deb nomlangan dekada bo‘lib o‘tdi. Gumanitar fanlar fakulteti jamoasi tashabbbusi bilan tashkil etilgan o‘n kunlik davomida hazrat Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan turli tanlovlar, ma’rifiy- ma’naviy tadbirlar tashkil etildi.
Dastlab ulug‘ ajdodlar merosini o‘rganish, ular tarannum etgan g‘oya va maslaklarni yoshlar qalbiga singdirish uchun qator chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. “Alisher Navoiy – turkiy xalqlar shoiri” hamda “Bobur – dilbar shaxs” mavzusida Chirchiq shahrida joylashgan qator maktablarda targ‘ibot tadbirlari tashkil etildi. Navoiy va Bobur hayoti va ijodining muhim qirralarini yanada teranroq kashf etishlari uchun “Zakovat” tanlovi ham o‘tkazildi.
Dekada boshlangan ilk kundan boshlab, Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur – Sharq madaniyati, adabiyoti she’riyatida o‘ziga xos o‘rin egallagan adib, shoir” mavzusida videoroliklar tanlovi ham tashkil etilib, 200 dan ortiq videomahsulotlar talabalar tomonidan tayyorlanib, hay’at a’zolariga taqdim etildi.
Universitet tyutorlari ishtirokida “Navoiy ta’lim uzluksizligi haqida” hamda “Boburning biz bilmagan fazilatlari” mavzusida ilmiy ma’ruzalar tashkil etildi.
“Alisher Navoiy ijodining umumbashariy ahamiyati va o‘rganilishi” mavzusida xalqaro ilmiy seminar tashkil etildi. Ilmiy seminarga Turkiya respublikasining Bashkent universiteti professori, filologiya fanlari doktori Abdurahmon Go‘zal, Turkiya respublikasining Firat universiteti professori, filologiya fanlari doktori Sezgin Demir, Qirg‘izistondan filolog olimalar Barno Is’hoqova, Xosiyat Bekmirzaevalar tashrif buyurdi. Har bir ma’ruza ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
“Bobur asarlariring bilimdonlari” mavzusida esselar tanlavi bo‘lib o‘tdi. Mavzuga o‘ziga xos yondashgan, ilmiy va ijodiy uslubni egallagan yoshlar ijodi aniqlanib, talabalar rag‘batlantirildi. Eng muhimi esa talaba onggu shuurida qolgan ilmiy bilim ertaga yanada o‘z mevasini bermog‘i tayindir.
“Nazm va navo” tanlovi bo‘lib o‘tdi. Talabalar tomonidan g‘azal va ruboiylar ifodali o‘qilgan bo‘lsa, San’atshunoslik fakulteti Musiqa ta’limi talabalari o‘lmas asarlarni kuyga solib ijro etdilar.
Gumanitar fanlar fakultetida tashkil etilgan “Do‘stlik” markazida ham Navoiyxonlik va Boburxonlik tabdirlari bo‘lib o‘tdi. Rus tili va adabiyoti, Tojik tili va adabiyoti hamda Qozoq tili va adabiyoti yo‘nalishi talabalari mutafakkir ijodkorlarning o‘lmas asarlarini o‘z ona tillarida mahorat bilan ijro etdilar. Navoiy asarlaridan sahna ko‘rinishlari ham namoyish etdilar.
Nihoyat 14 fevral kuni dekadaning final qismida ikki buyuk ijodkorga bag‘ishlangan yirik ma’anaviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Tadbirda universitetning nafaqat kunduzgi balki, sirtqi va kechki ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalar ham faol ishtirok etdilar.
Mazkur dekada eng avvalo yosh avlod qalbiga buyuk ajdodlarning o‘lmas merosini chuqur singdirish barobarida yoshlarni birlashtirishda, ularni ijodiy muhit ishtirokchisiga aylantira olishda ham o‘z maqsadlariga yetdi, deb o‘ylaymiz. Zero, kitob bilan oshno tutingan, ajdodlar merosini muhabbat bilan o‘rgangan yoshlarda milliy g‘urur, mas’uliyat va fidoyilik fazilatlari ham takomillashib borishiga ishonamiz.