30.04.2020
Prezident tomonidan 29 aprel kuni mamlakatimizda yuridik ta’lim va fanni tubdan takomillashtirish bo‘yicha Farmon imzolandi.
Samarqand, Namangan va Termiz davlat universitetlarida yuridik fakultetlar ochiladi. U yerga Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda shakllantiriladigan va tasdiqlanadigan kvotalar bo‘yicha qabul, shu jumladan, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida qo‘shimcha qabul amalga oshiriladi. Shuningdek, davlat, huquq va siyosiy-huquqiy ta’limot sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlarni amalga oshiradigan Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti tashkil etiladi.
TDYuUda Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik fakulteti tashkil etiladi. Nagoya universiteti (Yaponiya) va 2020 yilda TDYuUda Nemis huquqi va qiyosiy-huquqiy tadqiqotlar markazini ochadigan Regensburg universiteti (GFR)uning asosiy hamkorlari bo‘ladi. Fakultetda mashg‘ulotlar xorijiy oliy ta’lim muassasalarining professor va o‘qituvchilari tomonidan olib boriladi. Fakultet negizida huquq sohasida qo‘shma tadqiqot, o‘quv-ta’lim va boshqa loyihalarni tashkil etish bo‘yicha maydon yaratiladi.
Yuridik kadrlarni tayyorlashga buyurtma shakllantirishning yangi tartibi joriy etiladi. Uning asosida – iqtisodiyotning barcha tarmoqlari va mulkchilikning barcha shakllaridagi potensial ish beruvchilarning yuristlarga bo‘lgan ehtiyojini tahlil qilish yotadi.
Bundan tashqari, 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab:
birinchidan, TDYuU magistraturasiga Davlat test markazi (DTM) tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlari orqali qabul qilish boshlanadi. Bazaviy oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar uchun ishlab chiqarishdan ajralmagan holda masofaviy, sirtqi va kechki o‘qitish dasturlari joriy etiladi. Quyidagilar kirish test sinovlarisiz, to‘lov-kontrakt asosida va qabul parametrlaridan tashqari qabul qilinadi:
bazaviy oliy yuridik ma’lumotga hamda davlat hokimiyati va boshqaruvi markaziy organlarida yuridik yo‘nalish bo‘yicha kamida 5 yil ish stajiga ega bo‘lgan rahbar xodimlar - tegishli davlat organining rahbari tavsiyasiga ko‘ra;
“yurisprudensiya” yo‘nalishi bo‘yicha bakalavriatni imtiyozli tugatgan bitiruvchilar - o‘qish qiymatining 50%ini to‘lab, o‘qishni tugatgandan so‘ng TDYuU, yuridik fakultetlar, yuridik texnikumlar va TDYuU qoshidagi litseyda kamida 3 yil ishlash majburiyati bilan;
bazaviy oliy yuridik ma’lumotga ega, yuridik texnikumlarda kamida 3 yil ishlagan pedagog va rahbar xodimlar - o‘qishni tugatgandan so‘ng taqsimot bo‘yicha adliya organlari va muassasalarida, birinchi navbatda, yuridik texnikumlarda kamida 3 yil ishlash majburiyati bilan;
ikkinchidan, yuridik texnikumlarda nomutaxassislik fanlar soni qisqartirilib, kredit-modul tizimi joriy etiladi. Qabul qilish DTM tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlari orqali amalga oshirilib, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida qo‘shimcha qabul joriy etiladi. Yuridik texnikumlar va TDYuU qoshidagi akademik litseyning qo‘shma ta’lim dasturlarini hamda qo‘shma fakultetlarini tugatgandan so‘ng o‘qishni davom ettirgan shaxslarga berilgan xorijiy ta’lim muassasalarining diplomlari (bakalavriat, magistratura) O‘zbekistonda qo‘shimcha ma’muriy tartib-taomillarsiz oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadi;
uchinchidan, TDYuU qoshidagi akademik litseyda to‘lov-kontrakt, shu jumladan, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida qo‘shimcha qabul tartibi joriy qilinadi. Bunda TDYuU qabul tartibi va parametrlari, shuningdek, o‘qish uchun to‘lov miqdorini mustaqil belgilaydi. 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab esa akademik litseyning barcha fanlar bo‘yicha yuqori natijalarga ega bitiruvchilari TDYuUga kirish test sinovlarisiz, yakka tartibda suhbat o‘tkazish orqali, to‘lov-kontrakt asosida, qabul parametrlaridan tashqari kirishga haqli;
to‘rtinchidan, TDYuU, yuridik texnikumlar va universitet qoshidagi akademik litseyda pullik asosda tayyorlov va boshqa kurslar, yozgi va qishki maktablar, shu jumladan, chet el fuqarolari uchun tashkil etiladi.
Hujjat bilan boshqa yangiliklarning to‘liq qatori nazarda tutilgan. Boshqalar qatorida TDYuU rektori va OTMga mutasaddi idoraning (Adliya vazirligi) vakolatlari kengaytirildi, vasiylik kengashining tarkibi yangilandi, bir qator o‘zgartirishlar universitetni 2020 yilda o‘zini o‘zi moliyalashtirishga o‘tkazish va h.k. bilan bog‘liq.
Oleg Zamanov.
Podrobnee: https://www.norma.uz/uz/qonunchilikda_yangi/yuridik_talimni_modernizaciyalashning_yangi_bosqichi_nima_uzgaradi