10.03.2020
Sport-ta’lim muassasalarining trener-o‘qituvchilari va yo‘riqchi-uslubchilariga malaka toifalarini berish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi (3.03.2020 yildagi 118-son VMQga qarang). Bu haqda «Huquqiy axborot» telegram-kanalida ma’lum qilindi.
Eslatib o‘tamiz, respublikada faoliyat yuritayotgan trenerlarni attestatsiyadan o‘tkazish 2019 yil 1 dekabrdan joriy etilgan. Attestatsiya Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha ilmiy-uslubiy ta’minlash, mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi va uning filiallari bazasida har 5 yilda o‘tkaziladi.
Trener-o‘qituvchilarga va yo‘riqchi-uslubchilarga quyidagi malaka toifalari beriladi: ikkinchi, birinchi va oliy. Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda uning hududiy boshqarmalari malaka toifalari berish bo‘yicha mas’ul organ hisoblanadi. Davlat xizmatlari markazlari yoki YaIDXP orqali malaka toifasini berish xizmatlari ko‘rsatiladi.
Davlat xizmati ko‘rsatilgani uchun quyidagi miqdorda to‘lovlar undiriladi:
ariza ko‘rib chiqish uchun – BHMning 10%i;
attestatsiyani o‘tkazish uchun – 1 BHM.
YaIDXP orqali murojaat qilinganda belgilangan stavkaning 90%i miqdorida yig‘im undiriladi.
Quyidagilar yig‘im to‘lashdan ozod etiladi:
«O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi» yoki «Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi» unvoniga ega bo‘lganlar;
jismoniy tarbiya va sport sohasida ilmiy darajaga ega bo‘lgan shaxslar.
Malaka toifalari 5 yil muddatga beriladi, «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi» unvoniga ega bo‘lgan shaxslarga malaka toifalari cheklanmagan muddatga beriladi.
Ushbu Reglament «Xalqaro toifali trener» malaka toifasini berishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 4.03.2020 yildan kuchga kirdi.
Podrobnee: https://www.norma.uz/uz/qonunchilikda_yangi/trenerlarga_malaka_toifalari_qanday_beriladi