17.03.2020
Bu Vazirlar Mahkamasining 9.03.2020 yildagi «Bolalarni boshlang‘ich ta’limga majburiy bir yillik tayyorlash tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 132-son qarorida belgilangan.
2019/2020 o‘quv yilidan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida bolalarni boshlang‘ich ta’limga majburiy bepul bir yillik tayyorlash tizimi joriy etiladi.
Maktabgacha ta’lim vazirligining ushbu sohadagi asosiy vazifalari belgilandi. Xususan, u maktabgacha ta’limga qamrab olinmagan bolalar uchun tayyorlov guruhlarini shakllantiradi.
Tayyorlov guruhlari uchun:
2019/2020 o‘quv yili 2020 yil 10 martdan boshlanadi va 20 avgustda tugaydi;
2020/2021 o‘quv yilidan boshlab o‘quv yili har yili 2 sentabrdan boshlanadi va keyingi yil 25 mayda tugaydi.
Bolalar bog‘chalarida hamda ulardan tashqari tashkil etiladigan tayyorlov guruhlari tarbiyalanuvchilari boshlang‘ich ta’limga tayyorgarlikdan o‘tgan deb hisoblanadi va majburiy bepul bir yillik tayyorlovdan ozod etiladi.
Ushbu muassasalarda ta’lim olgan bolalarga boshlang‘ich ta’limga majburiy bir yillik tayyorlovdan o‘tganlik to‘g‘risida davlat namunasidagi sertifikat beriladi.
2020–2025 yillarda bolalarni majburiy maktabgacha ta’lim bilan qamrab olishning maqsadli ko‘rsatkichlari belgilandi. 2024/2025 o‘quv yiliga kelib 6 yoshdagi bolalar maktabgacha ta’lim bilan 100% qamrab olinadi.
Qaror bilan Bolalarni boshlang‘ich ta’limga majburiy bepul bir yillik tayyorlov guruhlari faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Tayyorlov guruhlari bolalar bog‘chalarida tashkil etiladi. Ular mavjud bo‘lmaganda yoki bunga shart-sharoitlar bo‘lmaganda, boshqa binolarda tashkil etiladi. Guruhda bolalarning bo‘lish vaqti 3-4 soatdan iborat, o‘quv jarayoni esa bir yoki ikki smenada tashkil etiladi, bitta guruhdagi bolalar soni 30 nafardan oshmasligi lozim.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 10.03.2020 yildan kuchga kirdi.