12.03.2020
Toshkent shahridagi «MEI» Rossiya milliy tadqiqot universiteti filialining tuzilmasi tasdiqlandi (4.03.2020 yildagi 121-son VMQga qarang).
Eslatib o‘tamiz, Prezidentning 2019 yil 4 iyundagi PQ-4350-son qarorida poytaxtda Moskva energetika institutining filialini tashkil etish nazarda tutilgan edi (sharhga qarang).
Filialda o‘qitish quyidagi ikkita fakultetda amalga oshiriladi: elektr energetikasi va issiqlik energetikasi. Ikki oy muddatda ta’lim muassasasida pedagogik va ilmiy salohiyatga ega, yuqori malakali, rus va ingliz tillarini o‘zlashtirgan, axborot texnologiyalarini hamda fan va texnikaning eng so‘nggi yutuqlarini o‘quv jarayoniga joriy eta oladigan professor-o‘qituvchilar tarkibini shakllantirish ishlari yakuniga yetkazilishi lozim.
! O‘qitish qiymati Moskvadagi bosh oliy ta’lim muassasasi, OO‘MTV hamda O‘zbekiston Energetika vazirligi bilan kelishilgan holda filial tomonidan tasdiqlanadi.
Joriy yil 1 avgustga qadar filial joylashgan bino va inshootlarning (Toshkent sh., Olmazor tumani, Qoraqamish ko‘ch., 3) rekonstruksiya ishlari tugallanishi, 2021 yil 1 avgustga qadar esa talabalar va o‘qituvchilar uchun yotoqxona binosi qurilishi lozim.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 5.03.2020 yildan kuchga kirdi.Podrobnee: https://www.norma.uz/uz/qonunchilikda_yangi/meining_toshkent_filialida_-_2_ta_fakultet