
08.05.2020
Prezidentning 2020 yil 7 maydagi “Matematika sohasidagi ta’lim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Hujjat O‘zAda e’lon qilingan.
Mamlakatimizda matematika 2020 yildagi ilm-fanni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Matematika ilm-fanini yangi sifat bosqichiga olib chiqish uchun ushbu sohada ta’lim sifatini oshirish va ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirishga qaratilgan qator kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Quyidagilar ushbu sohadagi ustuvor yo‘nalishlar etib belgilandi:
ta’lim va ilmiy muassasalar o‘rtasidagi yaqin hamkorlikni ta’minlovchi yaxlit tizimni shakllantirish;
zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy qilish;
matematika fanlarini o‘qitish sifatini oshirish;
matematika fani bo‘yicha kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini rivojlantirish, darsliklar va o‘quv qo‘llanmalarni takomillashtirish;
iqtidorli yoshlarni aniqlash hamda ularning matematika fani bo‘yicha mahalliy va xalqaro fan olimpiadalarida muvaffaqiyatli ishtirok etishini ta’minlash;
ta’lim berishning onlayn platformasini yaratish va amaliyotga tatbiq etish, masofadan o‘qitish tizimi samaradorligini oshirish;
Matematika fanini bilish darajasini baholash bo‘yicha milliy sertifikatlashtirish tizimini joriy qilish;
ilmiy-tadqiqotlarning ishlab chiqarish bilan uzviy bog‘liqligini ta’minlash, amaliy matematikani rivojlantirish;
ta’lim olayotgan va ilmiy-tadqiqotlar bilan shug‘ullanayotgan iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, chet eldagi oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy tashkilotlar bilan aloqalarni rivojlantirish;
mamlakatimizning ilmiy va ta’lim tashkilotlarini bosqichma-bosqich jahonning matematika fani bo‘yicha yetakchi ilmiy markazlari darajasiga yetkazish.
2020–2023 yillarda O‘zbekiston Respublikasida matematika fanlari bo‘yicha ta’lim sifatini yaxshilash, ilmiy-tadqiqotlarning natijadorligi va amaliy ahamiyatini oshirishning maqsadli dasturi tasdiqlandi.
Har bir tumanda (shaharda) matematika fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktablarni bosqichma-bosqich tashkil etish va masofaviy ta’lim orqali dars mashg‘ulotlarini o‘tkazish nazarda tutilgan.
Fanlar akademiyasining V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika institutining (keyingi o‘rinlarda – Institut) tuzilmasida matematika ta’limi bo‘yicha o‘quv-uslubiy materiallarni muvofiqlashtirish laboratoriyasi tashkil etiladi.
Institut huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Matematika fani va ta’limini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etildi.
Prezidentning Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro mukofoti ta’sis etildi. Matematika sohasidagi fundamental va amaliy ilmiy izlanishlari natijalariga ko‘ra amaliyotdagi muayyan muammoning yechimini taklif etgan olimlar u bilan mukofotlanadi.
Institut huzurida matematika ixtisosliklari bo‘yicha fan doktori (DSc) va falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalarini beruvchi ilmiy kengash tashkil etiladi.
Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Namangan, Samarqand va Xorazm viloyatlarida Institutning hududiy bo‘linmalari tashkil etiladi. Unga Toshkent shahar Olmazor tumani Universitet ko‘chasida yangi qurilgan bino operativ boshqaruv huquqi asosida beg‘araz o‘tkazib beriladi.
Podrobnee: https://www.norma.uz/uz/qonunchilikda_yangi/matematika_ilm-fani_yangi_darajaga_olib_chiqiladi